
“Eng yaxshi tyutor” tanlovi e’lon qilinadi!
Kattaqo’rg’on davlar pedagogika institutida faoliyat yuritayotgan tyutorlar o‘rtasida “Eng yaxshi tyutor” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM I
Umumiy qoidalar.
1. Ushbu Nizom Kattaqo’rg’on davlar pedagogika institutida faoliyat yuritayotgan tyutorlar o‘rtasida “Eng yaxshi tyutor” tanlovini (keyingi o‘rinlarda – Tanlov) o‘tkazish tartibini belgilaydi. II. Tanlovning maqsad va vazifalari 2. Tanlovning asosiy maqsadi –institutda faoliyat olib borayotgan, kasbiy mahorati, ilg‘or tajribasi va ijodkorlik qobiliyati bilan ajralib turuvchi, o‘z kasbiga sadoqatli, mas’uliyatli, mehnatsevar hamda tashabbuskor tyutorlarni aniqlash, ularning salohiyatini keng jamoatchilikka namoyish etish, tyutorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek, tanlov jarayonida eng faol va namunali ishtirokchilarni munosib rag‘batlantirishdan iborat. 3. Tanlovning vazifalari quyidagilardan iborat: o‘z kasbiga sadoqatli, mas’uliyatli, mehnatsevar va tashabbuskor tyutorlarni aniqlash hamda ularning faoliyatini belgilangan normativ mezonlar asosida baholash; tyutorlik faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy pedagogik, psixologik va tashkiliy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish; tyutorlarning kitobxonlik, tashabbuskorlik va targ‘ibotchilik yo‘nalishlaridagi faoliyatini baholash hamda ularni rag‘batlantirish. III. Tanlovni o‘tkazish tartibi, bosqichlari va muddatlari 4. Tanlov jarayonining barcha bosqichlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida rektor raisligida Tashkiliy ishchi guruh shakllantiriladi. 5. Tashkiliy ishchi guruh qaroriga muvofiq, har bir bosqichda ishtirokchilarni shaffof va adolatli baholashni ta’minlash uchun soha mutaxassislaridan iborat Hakamlar hay’ati tarkibi shakllantiriladi. 6. Tanlov quyidagi ikki bosqichda o‘tkaziladi: fakultet bosqichi; institut bosqichi. Fakultet bosqichi – har yili oktabr oyining ikkinchi o‘n kunligida fakultet tyutorlari o‘rtasida o‘tkaziladi. Ushbu bosqich yakunlariga ko‘ra 1-, 2- va 3-o‘rin g‘oliblariga keyingi bosqichda ishtirok etish uchun yo‘llanma beriladi. Institut bosqichi (yakuniy) – fakultet bosqichi g‘oliblari o‘rtasida har yili noyabr oyining uchinchi o‘n kunligi davomida o‘tkaziladi. Yakuniy natijalar ishtirokchilar to‘plagan ballarni yuqoridan pastga qarab ketma-ketlikda aniqlanadi. 7. Tashkiliy ishchi guruh raislari tanlovning barcha bosqichlarida ishtirokchilarning shaffof va adolatli baholanishini ta’minlash uchun shaxsan javobgar hisoblanadi. IV. Tanlovni o‘tkazish nominatsiyalari va baholash tartibi 8. Tanlov quyidagi uch nominatsiyada o‘tkaziladi: a) “Eng faol targ‘ibotchi tyutor” – ushbu nominatsiyada tyutorning institutda talaba-yoshlarda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, yuqori ma’naviyat va madaniyat, zamonaviy bilim va kasb-hunarni puxta egallashga intilishni shakllantirish borasidagi targ‘ibotchilik faoliyati hamda bu yo‘nalishda erishgan natijalari kompleks tarzda baholanadi. Baholash jarayonida tyutorning tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etishi, targ‘ibot faoliyatidagi namunaviy ishlari, tashabbuskorligi, tashkilotchilik qobiliyati, shuningdek uning tashabbusi bilan amalga oshirilgan tadbirlarning mazmunmohiyati va erishilgan yutuqlari inobatga olinadi. b) “Eng faol kitobxon tyutor” – ushbu nominatsiyada Ishchi komissiya tomonidan vazifa sifatida berilgan asarlar bo‘yicha tyutorning kitobxonlik madaniyati va savodxonligi, mutolaa bo‘yicha shakllangan ko‘nikmalari, o‘zbek adabiyoti hamda jadidchilik harakati namoyandalari haqidagi bilim va mulohazalari savol-javob va test orqali baholanadi. c) “Eng faol tashabbuskor tyutor” – bu nominatsiyada tyutorning ishga bo‘lgan mas’uliyati, tyutorlik faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslari, tyutorning shaxsiy tashabbusi bilan ilgari surilgan takliflarning amaliyotga tatbiq etilganligi, hamkasblaridan ajralib turuvchi o‘ziga xos jihatlari va boshqa muhim ko‘rsatkichlar ham baholanadi. 9. Ishchi komissiya tomonidan har bir nominatsiyada ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha maxsus baholash varaqasi ishlab chiqiladi. V. Hujjatlarni taqdim etish tartibi 10. Tanlovda ishtirok etuvchi tyutorlar quyidagi hujjatlarni belgilangan tartibda Ishchi komissiyaga taqdim etadilar: Tyutorning to‘liq professional portfoliosi – kasbiy faoliyati, amaliy, ijtimoiy va ma’naviy loyihalardagi ishtiroki, erishgan yutuqlari va sertifikatlari; Nominatsiya bo‘yicha tegishli hujjatlar – tanlovda ko‘rib chiqiladigan masalalarni tasdiqlovchi materiallar; Foto va video dalillar – tyutorning amaliy faoliyati, tadbirlari, treninglari va loyihalarini yorituvchi materiallar. 11. Barcha hujjatlar elektron shaklda (PDF yoki ZIP formatida) yoki qog‘oz ko‘rinishida, to‘liq, sifatli va tartibli holda taqdim etilishi shart. 12. Taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligi va to‘g‘ri rasmiylashtirilishi uchun ishtirokchi shaxsan javobgar hisoblanadi. VI. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash 13. Tanlovning fakultet bosqichida 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar ichki imkoniyatdan kelib chiqqan holda fakultet dekani tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. 14. Tanlovning institut (yakuniy) bosqichida har bir nominatsiya bo‘yicha yuqori (1-, 2-, 3-) o‘rinlarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar institute rektori (direktori) tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar, shuningdek, ichki moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, oliy ta’lim tashkilotining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan pul mukofotlari bilan taqdirlanadi: 15. Yakuniy bosqichda ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kirita olmagan barcha ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlanadi. VII. Yakuniy qoidalar 16. Tanlovning barcha bosqichlari ommaviy axborot vositalari hamda institutning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida keng yoritib boriladi. 17. Tanlovni tashkil etish va ishtirokchilarni baholash bilan bog‘liq kelib chiqadigan nizolar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.


