Millatlar madaniyatini aks ettiruvchi raqs va qo‘shiqlardan iborat madaniy tadbir o‘tkazildi
Xorijiy tillar kafedrasi oyligi doirasida talaba-yoshlar ishtirokida turli millat vakillarining raqs va qo‘shiqlaridan iborat “FUSION FEST” – millatlar madaniyatini aks ettiruvchi madaniy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir davomida Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishi talabalari tomonidan turli xalqlarning urf-odatlari, madaniyati va milliy qadriyatlarini ifodalovchi sahna ko‘rinishlari hamda musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan ushbu chiqishlar tadbirga alohida fayz bag‘ishladi.
O‘zbekiston qadimdan turli madaniyatlar, tillar va an’analar chorrahasi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda yurtimizda yuzdan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek tinch-totuv yashab kelmoqda. Bu bag‘rikenglik, sabr-toqat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarning amaldagi ifodasidir.
Zero, har bir raqs – muayyan xalqning tarixi, madaniyati va ruhiy olamini o‘zida mujassam etadi. Tadbir esa turli millatlar madaniyatiga bo‘lgan hurmat va e’tiborning yorqin namunasi sifatida barchada katta taassurot qoldirdi.









