“Muvaffaqiyat sari yo‘l” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida talaba qizlarning davlat fuqarolik xizmatiga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida “Muvaffaqiyat sari yo‘l” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda davlat fuqarolik xizmatida yuqori natijalarga erishgan xotin-qizlar ishtirok etib, o‘zlarining kasbiy faoliyati, mehnat faoliyatida erishgan yutuqlari va muvaffaqiyatga eltuvchi omillar haqida talaba qizlar bilan fikr almashdilar.
Suhbat davomida davlat fuqarolik xizmatining mazmun-mohiyati, ushbu sohada faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va kompetensiyalar, shuningdek, xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi.
Ochiq va samimiy muloqot shaklida kechgan tadbirda talaba qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar.
Davra suhbati talaba qizlarda davlat fuqarolik xizmatiga qiziqishni oshirish, ularning kelgusidagi kasbiy faoliyatiga aniq maqsad va ishonch bilan yondashishiga xizmat qildi.







