ADABIYOT VA ILHOM UYG‘UNLASHGAN UCHRASHUV — “MA’RIFAT ULASHIB” LOYIHASI DOIRASIDA
Bugun Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida el ardog‘idagi ijodkorlar – Sirojiddin Rauf va Shodiqul Hamroyev bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ijodkorlarning hikoyalari asosida institut talabalari tomonidan sahnalashtirilgan film namoyish etildi. Ijodkorlar o‘z asarlaridan namunalar o‘qib eshittirdilar, talaba-yoshlar esa o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Samimiy muloqot chog‘ida mamlakatimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, mutolaa madaniyatini shakllantirish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv she’rxonlik va mushoira tarzida davom etib, talabalar taniqli ijodkorlar ijodidan bir olam zavq va ma’naviy ozuqa oldilar. Institut professor-o‘qituvchilari mehmon ijodkorlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, bunday ma’rifiy va ijodiy uchrashuvlarni muntazam tashkil etish zarurligini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida mehmonlar institutning “Ma’naviyat xonasi”da “Mushoira” to‘garagi a’zolari – yosh ijodkorlar bilan zamonaviy o‘zbek adabiyoti, ijodiy jarayonlar va yoshlar o‘rtasida kitobxonlik muhitini mustahkamlash masalalari yuzasidan suhbat o‘tkazdilar. Shundan so‘ng uchrashuv institut kutubxonasida, keyinchalik esa talabalar turar joyida samimiy muloqot tarzida davom etdi.
Ijodkorlar, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 51- va 53-umumta’lim maktablarida bo‘lib, u yerda ham ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shoir Shodiqul Hamroyev uchrashuv taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, shunday dedi:
“Biz Toshkentdan kelayotib, Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutini kichik ta’lim maskani deb o‘ylagandik. Ammo bu yerga kelib, hashamatli binolar, zamonaviy sharoitlar va eng asosiysi — kuchli adabiy muhitni ko‘rib, chin dildan quvondik. O‘zim yozgan ‘Hovlidagi daraxt’ hikoyam asosida sahnalashtirilgan qisqa filmni tomosha qilib, hayajonlandim. Institutda ijodga mehr qo‘ygan yoshlar juda ko‘p ekan.”
Ijodkorlarning ta’kidlashicha, Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ilm va ijodga oshno yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida samarali ishlar olib borilmoqda.
Kattaqoʻrgʻon davlat pedagogika instituti Matbuot xizmati









