
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti talabalariga M U R O J A A T
Qadrli talaba-yoshlar!
Giyohvandlik bugungi kunda XXI asrning eng jiddiy global muammolaridan biriga aylangan. O‘rta asrlarda insoniyat hayotiga xavf solgan vabo va o‘lat kabi ofatlar zamonaviy davrga kelib, o‘z o‘rnini giyohvandlik illatiga bo‘shatib bergani hech mubolag‘a emas. Sog‘lom turmush tarzini olib borayotgan inson ham bilib-bilmay bu yo‘lga kirib qolsa, o‘zining tinch, farovon va baxtli hayotini qorong‘ulikka yuz tuttirishi – achchiq haqiqatdir.
Giyohvandlikka ruju qo‘ygan kishi nafaqat o‘zini, balki yaqinlarini ham cheksiz iztiroblarga duchor qiladi. Ko‘pincha bunday illat qurbonlari taqdiri odamda nafrat, achinish va rahm kabi tuyg‘ularni uyg‘otadi. Biz va siz – ta’lim-tarbiya sohasining fidoyilari sifatida bu illatga sira yo‘l qo‘yolmaymiz.
Ardoqli yoshlar!
Sizdagi sog‘lom fikr, mustahkam iroda, bilimga chanqoqlik – Vatanimiz kelajagining poydevoridir. Hech qachon “bir marta sinab ko‘rsam zarar qilmaydi” degan aldovga uchmang. Giyohvand moddalar – hayotni yemiruvchi zahar, orzu va maqsadlarni o‘g‘irlovchi illat ekanini unutmang. Giyohvandlik va narkojinoyatchilik har bir inson va uning oilasiga faqat baxtsizlik olib keladi, jamiyat osoyishtaligiga esa jiddiy putur yetkazadi.
Hurmatli institutimiz talabalari!
Kelajakda yosh avlodni tarbiyalashda sizning o‘rningiz beqiyos. Ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlikning zararli oqibatlarini yoshlar ongiga singdirish – bugunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.
Sog‘lom avlod – o‘tmishi boy, tuprog‘i oltin, osmoni musaffo O‘zbekistonning ertangi vorislaridir. Ularni ezgu maqsadlar ruhida, pok muhitda voyaga yetkazaylikki, hech qanday yot g‘oyalar yoki qora illatlar ularni yo‘ldan chalg‘ita olmasin.
Barchamiz bir yoqadan bosh chiqaraylik!
Narkojinoyatchilikni targ‘ib qiluvchilar – millatning haqiqiy xoinlari. Ularga nisbatan qat’iy va murosasiz munosabat bildirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga faol ko‘maklashish – har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Unutmang! O‘zbekistonning tinch, sog‘lom va porloq kelajagi – bugungi hamjihatligimiz va qat’iy pozitsiyamizga bog‘liq!
Sherzod Urakov,
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti rektori.


