
Buyuk mutafakkirga yuksak ehtirom – ma’naviyatimizga sadoqat ramzi
Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida “Navoiy merosi – millat boyligi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi G.Alimova, institut rektori Sh.Urakov, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni institut rektori Sh.Urakov kirish so‘zi bilan ochib, buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy ijodining beqiyos ahamiyati, uning asarlari zamonlar osha barhayot ekanini ta’kidladi hamda Navoiy merosi yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutishini alohida qayd etdi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Alisher Navoiy hayoti va ijodiga oid ilmiy ma’lumotlar berildi, shuningdek, “Xamsa” asari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Badiiy dasturda shoirning g‘azallari, maqom ohanglari hamda sahnaviy chiqishlar yuksak mahorat bilan ijro etilib, tomoshabinlarga chuqur ma’naviy zavq bag‘ishladi.






