Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida bayram sayli ko‘tarinki ruh va yuksak kayfiyatda o‘tkazildi.
Tadbir doirasida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirokida Navro‘z bayramining mazmun-mohiyati, ezgu qadriyatlarimiz va boy milliy adabiyotimizga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Institut hududi bahorning ilk elchisi – boychechak ramzi bilan bayramona bezatilib, milliy an’analarimizni o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmalar namoyish qilindi. Xususan, milliy taomlarimiz ko‘rgazmasi barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, talabalar ishtirokida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan sport musobaqalari, madaniyat va san’at tadbirlari, kitobxonlik tanlovlari o‘tkazildi. Milliy ruhni tarannum etuvchi kurash, chillak, tosh ko‘tarish hamda arqon tortish kabi xalqona o‘yinlar bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Mazkur bayram sayli milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va an’analarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.













