Lingvopoetika va “Tahliliy o‘qish” metodiga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida Xorijiy tillar kafedrasi tashabbusi bilan “Ta’lim sifati va samaradorligi oyligi” doirasida talabalarga tillarni o‘qitish jarayonidagi mavjud muammolarni ochib berish maqsadida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda taniqli tarjimon, tilshunos va adabiyotshunos olim, Turon fanlar akademiyasi akademigi, Samarqand davlat universiteti professori Ibodulla Mirzayev filologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga lingvopoetika asosida til va adabiyot fanlarini integratsiyalashgan holda o‘qitish orqali filologiya sohasining yaxlitligini ta’minlash masalalari haqida batafsil tushuncha berdi.
Shuningdek, u milliy innovatsion “Tahliliy o‘qish” (“Аналитическое чтение”, “Lecture analytique”) metodiga asos solgani hamda ayni paytda ushbu metod asosida respublikaning 12 ta oliy ta’lim muassasasida darslar olib borilayotgani haqida ham batafsil bayon qildi.
Seminar-trening davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassisdan atroflicha javoblar oldilar.


