Rus tilini o‘rganishda kognitiv va kommunikativ yondashuvlar bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida “O‘zbek tili va gumanitar fanlar” kafedrasi tashabbusi bilan “Ta’lim sifati va samaradorligi oyligi” doirasida rus tili yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ilmiy-amaliy seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningda akademik G.R.Derjavin nomidagi Tambov davlat universiteti rus tili kafedrasi mudiri, professor Antonina Shcherbak ishtirok etib, rus tilini o‘qitish va o‘rganish jarayonidagi zamonaviy ilmiy yondashuvlar, tilni o‘zlashtirishda kognitiv jarayonlarning o‘rni hamda kommunikativ ko‘nikmalarni shakllantirishning samarali metodlari yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Professor A.Shcherbak o‘z ma’ruzasida talabalarning til o‘rganish motivatsiyasini oshirish, mustaqil fikrlashni rivojlantirish hamda amaliy muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishda interfaol usullarning ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, rus tilini o‘qitishda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash orqali ta’lim sifatini yanada oshirish mumkinligi qayd etildi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan atroflicha javoblar berildi hamda amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Seminar-trening yakunida ishtirokchilar uchun ochiq muloqot tashkil etilib, fikr almashinuvi jarayoni samarali o‘tdi.
Mazkur seminar-trening talabalarning rus tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.


