
ILMIY NASHRLAR UCHUN XALQARO MAYDONGA YO‘L OCHILDI
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti Crossref xalqaro ilmiy tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Mazkur a’zolik institutning ilmiy nashrlarini xalqaro ilmiy maydonda keng targ‘ib etish, ularning akademik ko‘rinishi va nufuzini oshirish borasida yangi imkoniyatlarni yaratadi.
A’zolik doirasida institutga DOI (Digital Object Identifier) prefiksi berildi. Endilikda institut OJS (Open Journal Systems) platformasi orqali ilmiy maqolalar va boshqa ilmiy kontentlar uchun xalqaro DOI raqamlarini mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatiga ega.
DOI tizimining joriy etilishi ilmiy ishlarni xalqaro miqyosda ishonchli identifikatsiya qilish, tadqiqotchilar va olimlarning ilmiy ishlarini global ilmiy axborot makoniga integratsiya qilish hamda institut ilmiy nashrlarining xalqaro ko‘rinishini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur imkoniyat institutning ilmiy va akademik salohiyatini yanada mustahkamlash, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda kelgusida xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun muhim qadam hisoblanadi.
Crossref a’zoligi va DOI prefiksining qo‘lga kiritilishi Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutining ilmiy faoliyatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish yo‘lidagi muhim yutuqlardan biridir.


