
Mustaqillik – birdamlik va yuksalish timsoli
Umumxalq bayramlari xalqimizni yagona maqsad va ezgu g‘oyalar atrofida birlashtiradigan, milliy qadriyatlarimizni ulug‘laydigan, mehr-oqibat va hamjihatlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydigan muhim ma’naviy qadriyatdir. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni xalqimizning ozod va farovon hayotga bo‘lgan intilishi, Vatanga sadoqati, bunyodkorlik va vatanparvarlik ruhini o‘zida mujassam etgan ulug‘ bayramdir.
Bugungi kunda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, inson qadrini ulug‘lash va xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarda mehnatkash, mard va olijanob yurtdoshlarimiz o‘z bilim va tajribasi, kuch-g‘ayrati, iste’dodi, mahorati hamda ezgu tashabbuslari bilan faol ishtirok etmoqda. Bu sa’y-harakatlar yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining muhim omiliga aylanmoqda.
Bugun biz tariximizning mas’uliyatli va muhim bosqichida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Umumxalq bayramlarining yana bir muhim jihati shundaki, ular jamiyatimizda birdamlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat kabi yuksak insoniy fazilatlarni yanada mustahkamlaydi. O‘zbekiston tinchlik va do‘stlik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik qaror topgan yurtdir. Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona Vatan ravnaqi yo‘lida bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashab kelmoqda.
Bu ezgu muhit yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashning muhim omilidir. Zero, bizni birlashtiradigan eng ulug‘ qadriyat – yagona Vatan, umumiy maqsad va mushtarak kelajakdir. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi”, deya ta’kidladi. Mazkur yuksak maqsadga erishish yo‘lida inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan 7 ta milliy dastur amalga oshirilishi belgilangan. Ular ta’lim va bilimni taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, zamonaviy va yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, suv va ekologik muammolarga yechim topish, qonun ustuvorligini ta’minlash, mahallalar farovonligini oshirish hamda tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. Ayniqsa, ta’lim va bilimni mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilanayotgani biz, pedagoglar professor-o‘qituvchilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Yosh avlodga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish, ularni mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar, ma’naviy yetuk va raqobatbardosh kadrlar etib tarbiyalash – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim shartidir.
Ishonamizki, xalqimizning birdamligi, bunyodkorlik ruhi va ezgu maqsadlari bilan O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida yanada ulkan yutuqlarga erishamiz.
Yurtimiz tinch, xalqimiz birdam va hamjihat, osmonimiz musaffo bo‘lsin! Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yanada yuksalaversin!
Sherzod Urakov,
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti rektori.


