
“Karyera kuni”: bitiruvchilar uchun amaliy seminar-trening
“Karyera kuni” doirasida “Workshop” amaliy seminar-treningi tashkil etildi
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida “Karyera kuni” doirasida Filologiya va ijtimoiy fanlar fakultetining bitiruvchi kurs talabalari hamda “Kelajakka qadam” markazi vakillari ishtirokida “Workshop” amaliy seminar-treningi tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish hamda istiqbolli biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazildi.
Workshopda O‘zmilliybank AJ Samarqand viloyati bosh boshqarmasi “Kelajakka qadam” markazi menejeri Sh.G‘aniyev, institut Raqamli texnologiylar va iqtisodiyot kafedrasi dotsenti O.Xaitov, Filologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti dekani G‘.Pirnazarov hamda institut Karyera markazi mas’ul xodimi J.Musirov ishtirok etdi.
Amaliy seminar-trening davomida bitiruvchi talabalarga o‘z biznes loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlar, moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda biznes tashabbuslarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, talabalarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar yuzasidan fikr almashildi.


