
VAQTNI QADRLANG, IMKONIYATDAN UNUMLI FOYDALANING
To‘rt yilni faqat diplom uchun emas, bilim uchun sarflang
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti rektori Sherzod Urakov ishtirokida “Rektor va talabalar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida rektor Filologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti talabalari bilan uchrashib, ular bilan ochiq va samimiy suhbat olib bordi. Ilmning ahamiyati, yoshlik davrini mazmunli o‘tkazish hamda kelajak uchun mustahkam poydevor yaratish masalalari haqida so‘z yuritdi.
– Bugungi kunda institutimizda 42 ta to‘garak faoliyat yuritmoqda. Bu to‘garaklar talabalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni ijtimoiy faollikka chorlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 8 ta nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Bu esa talabalarimizga xalqaro tajriba almashish, xorijda ta’limni davom ettirish va o‘z ustida muntazam ishlash imkonini beradi.
Talabalarimizdan xorijiy tillarni chuqur o‘rganishni, kutubxonadagi qulay sharoitlardan samarali foydalanishni hamda ekologiyaga befarq bo‘lmaslikni so‘rayman. Har bir inson yashayotgan muhitga e’tiborli bo‘lishi, atrof-muhit tozaligiga o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Yana bir muhim jihat – bu vaqtni qadrlash. “To‘rt yilni faqat diplom olish uchun emas, balki o‘zingizni rivojlantirish, jamiyatda faol o‘rin egallash uchun sarflang. Har bir daqiqa – bu imkoniyat, uni qadrlang,” – deya ta’kidladi rektor.
Uchrashuvda talabalardan biri, rus tili yo‘nalishi talabasi Shahzoda Rustamova o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
“O‘qishimiz boshlanganiga ikki oy bo‘ldi. Shu vaqt ichida institut hayoti bilan tanishishga ulgurdim. Rektor va yoshlar uchrashuvi menga katta motivatsiya berdi. Ayniqsa, chet tilini o‘rganishning ahamiyati, imkoniyatlardan to‘liq foydalanish zarurligi haqida bildirilgan fikrlar menga ruhiy turtki bo‘ldi. Ustoz hayotiy tajribalardan keltirgan misollar orqali o‘z rejamni aniqroq tuzib oldim,” – deydi.
Tadbir davomida talabalar o‘quv jarayoni, baholash tizimi, yakuniy nazorat va ichki tartib-qoidalar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldilar.
Rektor talabalarning taklif va muammolarini diqqat bilan tinglab, mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi. Yoshlarning fikriga hurmat bilan yondashgani, ularni to‘g‘ri yo‘naltirganligi tadbir ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi.
📝 Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti Matbuot xizmati














