
Institutda milliy qadriyatlarni asrash va targ‘ib etishga bag‘ishlangan “Milliy qadriyatlar festivali” bo‘lib o‘tdi
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida talabalar ishtirokida “Milliy qadriyatlar festivali” o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar ongida milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni keng targ‘ib etish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Festival doirasida milliy harakatli o‘yinlar, kurash musobaqalari, estafeta yugurishlar, “eshak mindi”, “arqon tortish” kabi xalq o‘yinlari tashkil etildi. Shuningdek, talaba-qizlar tomonidan milliy zardo‘zlik san’atiga oid buyumlar namoyish etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar milliy urf-odatlar, qadriyatlar va xalq og‘zaki ijodi namunalarini namoyon etish orqali o‘z iqtidorlarini ko‘rsatdilar.
Mazkur tadbir yoshlar ongida milliy iftixor tuyg‘usini mustahkamlash, ularni xalq an’analariga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.






