
“Yurtim qadriyatlari” tanlovining institut bosqichi bo‘lib o‘tdi
Bugun Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning o‘qishdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, shuningdek, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy-axloqiy tamoyillar, madaniy va ma’naviy merosimiz bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Yurtim qadriyatlari” tanlovining institut bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov yoshlarni yurtimiz tarixi, milliy an’ana va urf-odatlar, milliy san’atimiz, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi, shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lishiga xizmat qiladi. Shuningdek, Jadidlar hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, talabalarda tarixiy tafakkurni rivojlantirish ham tanlovning asosiy maqsadlaridan biri bo‘ldi.
Tanlovda 10 nafargacha talaba-yoshlardan iborat fakultet jamoalari ishtirok etib, sahna ko‘rinishlari, ijodiy chiqishlar hamda qadriyatlarni yoritish borasidagi bilim va mahoratlarini namoyish etdilar.
Tanlov uchta shartdan iborat bo‘lib, ular o‘zbek millatiga xos milliy an’ana, qadriyat va urf-odatlarni sahna orqali ifodalash, ijodiy yondashuv va badiiy mahorat asosida tayyorlangan kompozitsion musiqiy chiqishlarni namoyish etish hamda “Jadidlar jasorati – millatimiz faxri” yo‘nalishida savol-javob shaklidagi bilimlar bellashuvini o‘z ichiga oldi. Baholash mezonlari jamoalarning ijodiy yondashuvi, sahna madaniyati, mavzuni yoritish darajasi va jamoaviy ishlash ko‘nikmalariga asoslandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra g‘oliblar quyidagicha aniqlandi: 1-o‘rin – Aniq va tabiiy fanlar fakulteti, 2-o‘rin – Filologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti hamda 2-o‘rin – Pedagogika fakulteti. Har bir jamoa o‘z chiqishi orqali milliy qadriyatlarimizning naqadar boy va sermazmun ekanini namoyon etdi.
Tadbir yakunida g‘olib jamoalar munosib taqdirlandi.








