
INSTITUT JAMOASI DRAMA TEATRIDAGI KONSTITUTSIYA TADBIRIDA
“Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida drama teatrida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova, Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti rektori Sherzod Urakov, institut professor-o‘qituvchilari va talabalari, korxona va tashkilot rahbarlari, ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova o‘z tabrigida barchani qutlug‘ sana bilan muborakbod etib, yangilangan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar “inson qadri uchun” tamoyilini yanada chuqurroq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi, ushbu yangilanishlar yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning muhim bosqichi ekanini ta’kidladi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Ilxom Butoyev yangilangan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, undagi asosiy o‘zgarishlar va ularning amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’ruza qildi.
Shahar drama teatri jamoasi hamda san’at ustalari tomonidan bayramga bag‘ishlangan keng qamrovli konsert dasturi namoyish etildi. Institutimiz ijodkor talabalari ham Konstitutsiyamizga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar va raqslar bilan tadbirga o‘ziga xos badiiy ruh bag‘ishladilar.










