
Institutda atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha seminar-treninglar va ekovolontyorlik amaliyotlari tashkil etildi
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida atrof-muhit muhofazasi, chiqindilarni qayta ishlash, shuningdek, suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan seminar va treninglar tashkil etildi. Tadbirlar davomida talabalarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, ularda mas’uliyatli va barqaror fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar va treninglardan so‘ng amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ekovolontyorlar harakatiga ijtimoiy faol talabalar keng jalb etildi. Amaliyot jarayonida institut hududi hamda Kattaqo‘rg‘on shahrining ayrim ko‘chalarida yo‘l bo‘ylarida to‘planib qolgan chiqindilar yig‘ishtirilib, belgilangan axlat qutilariga joylashtirildi.
Mazkur tashabbus talabalarning ekologik ongini yuksaltirish, shuningdek, shahrimiz tozaligi va obodonligiga munosib hissa qo‘shish maqsadida amalga oshirildi.





