“Turkiy adabiyot durdonalari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika instituti Filologiya va ijtimoiy fanlar fakultetida “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik kitoblar turkumi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nashrni yaratish g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 15-oktabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining VII sammitida ilgari surilgan.
Ushbu ezgu tashabbus asosida ilk bor O‘zbekistonda turkiy xalqlar adabiyotining eng sara namunalarini o‘zida jamlagan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” kitoblar turkumi yaratildi.
Majmuadan umumturkiy adabiyotning yetuk namunalari, shuningdek, O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlarining atoqli shoir, adib va mutafakkirlari asarlari o‘rin olgan.
Taqdimotda Filologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti dekani G‘.Pirnazarov, O‘zbek tili va gumanitar fanlar kafedrasi mudiri J.Quchqorov, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbir davomida mazkur nashrning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati, turkiy xalqlar adabiy merosini o‘rganish va yosh avlodga yetkazishdagi o‘rni haqida fikr almashildi.


